Liderlar Online2 daqiqa
Tibbiy ta'limda su'niy intellekt va virtual simulyatsiya texnologiyalarini qo'llash bo'yicha zamonaviy yondashuvlar va ularning samaradorligi

Bugungi kunda jahon tibbiyoti va tibbiy ta'lim tizimida jadal raqamlashtirish jarayonlari kechmoqda. Tibbiyot sohasi mutaxassislarini tayyorlashda nafaqat nazariy bilimlarni berish, balki amaliy ko'nikmalarni xavfsiz, yuqori texnologik muhitda shakllantirish birlamchi vazifaga aylanmoqda. An'anaviy ta'lim metodologiyalari talabalarning klinik fikrlash tezligini oshirish va noyob uchraydigan patologik holatlarni modellashtirishda muayyan cheklovlarga ega. Raqamlashtirish va sun'iy intellekt alogoritmlariga asoslangan virtual simulyatorlar, VR va AR texnologiyalarining ta'lim jarayoniga integratsiya qilinishi talabalarga real bemorlar sog'lig'iga xavf tug'dirmagan holda klinik qarorlar qabul qilish ko'nikmasini rivojlantirishga imkon beradi. O'zbekiston Respublikasida ham tibbiyot ta'lim muassasalarida raqamli infratuzilmani rivojlantirish hamda tibbiy va biologik fizika fanining o'qitilishini zamonaviy axborot texnologiyalari bilan hamnafas olib borish dolzarb masalalardan biridir.
Tadqiqotning maqsadi - tibbiyot talabalarini tayyorlashda raqamli simulyatsiya platformalari, adaptiv ta'lim tizimlari hamda sun'iy intellektga asoslangan klinik masalalar yechish vositalarining samaradorligini kompleks baholash va ushbu texnologiyalarni o'quv dasturlariga optimallashtirilgan holda tatbiq etish yuzasidan amaliy takliflar ishlab chiqishdir. Ishda ilmiy adabiyotlar tahlil qilindi, an'anaviy va raqamli o'qitish shakllari taqqoslandi.
Tadqiqot Toshkent davlat tibbiyot universiteti bazasida 3- va 4-bosqich talabalari o'rtasida o'tkazildi. Talabalar ikki guruhga ajratildi: an'anaviy metodologiya bo'yicha o'qitilgan nazorat guruhi va an'anaviy mashg'ulotlar bilan birga sun'iy intellektga tayanlangan virtual simulyatorlar hamda VR-diagnostika modullaridan foydalangan tadqiqot guruhi. Metodologiya sifatida anonim so'rovnomalar o'tkazish, diagnostik xatoliklarni statistik tahlil qilish, simulyatsiya topshiriqlarini bajarish tezligi va aniqligini baholash hamda olingan ma'lumotlarni statistik usullar yordamida qayta ishlash qo'llanildi.
O'tkazilgan ko'p omilli tahlillar shuni ko'rsatdiki, raqamli interaktiv modullardan foydalangan tadqiqot guruhi talabalarida diagnostik va taktik topshiriqlarni bajarish ko'rsatkichlari nazorat guruhiga nisbatan sezilarli darajada yuqori bo'ldi. Xususan, tadqiqot guruhi talabalarida murakkab va nostandart klinik vaziyatlarda to'g'ri tashxis qo'yish ko'rsatkichlari an'anaviy guruhga nisbatan sezilarli natijani ko'rsatdi. Virtual simulyatsiya ssenariylarida differensial diagnostika o'tkazishga sarflangan vaqt o'rtacha qisqardi. Talabalarning aksariyat qismi sun'iy intellekt modullari yordamida berilgan real vaqtdagi qayta aloqa ularning xatolarini zudlik bilan anglab yetishga va mustaqil bartaraf etishga yordam berganini ta'kidlashdi. Adaptiv va o'yinlashtirilgan raqamli ta'lim platformalarini qo'llash talabalarning fanga bo'lgan qiziqishini hamda darslardagi faollik darajasini oshirgani aniqlandi.
Shu bilan birga, raqamli ta'limni joriy etishda bir qator muammolar mavjud: texnik jihozlar va barqaror internet ta'minoti, o'qituvchilarning raqamli kompetensiyasi, sifatli o'zbek tilidagi elektron o'quv materiallarining yetishmasligi, shuningdek, amaliy ko'nikmalarni faqat virtual muhitda shakllantirishning cheklanganligi. Shuning uchun raqamli vositalar an'anaviy o'qitishni almashtirmasdan, uni to'ldirishi, ya'ni aralash (blended) ta'lim modeli asosida qo'llanilishi maqsadga muvofiq.
Xulosa qilib aytganda, tibbiyot ta'limini raqamlashtirish va sun'iy intellekt vositalarini o'quv jarayoniga integratsiya qilish talabalarning amaliy ko'nikmalarini hamda klinik fikrlash salohiyatini oshirishning eng samarali omillaridan biridir. Virtual simulyatsiya texnologiyalari talabalarda kasbiy tajribani real bemorlar bilan muloqotdan oldin xavfsiz shakllantirishga xizmat qiladi hamda diagnostik xatoliklar ehtimolini kamaytiradi. Tibbiyot universitetlarida bioinformatika va tibbiy fizika fanlari doirasida raqamli simulyatorlar hamda sun'iy intellekt modullaridan kengroq foydalanish bo'lajak shifokorlarning raqamli kompetensiyalarini shakllantirish uchun zarurdir.
Muallif
Farhodova Sevara Bahrom Qizi
Tibbiyot talabasi · Bo‘lajak onkolog-shifokor · Kumush medal sohibasi · Kitobxonlik faol ishtirokchisi · Tibbiy ingliz tili o‘rganuvchisi
