Liderlar Online15 daqiqa

VOLONTYORLIK ORQALI YOSHLARNING TASHKILOT BOSHQARUVI VA XALQARO TADBIRLAR FAOLIYATIGA INTEGRATSIYALASHUVI

Bugungi kunda yoshlar siyosati davlatimiz taraqqiyotining eng muhim yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Yoshlarning jamiyat hayotida shunchaki ishtirokchi emas, balki tashabbuskor, islohotchi va qaror qabul qiluvchi kuch sifatida maydonga chiqishi bu siyosatning asosiy talabidir. Ushbu maqsadga erishishda volontyorlik harakati o‘ziga xos amaliy maktab vaz ifasini bajaradi: yosh inson bu faoliyatda nafaqat boshqalarga yordam beradi, balki jamoada ishlashni, mas’uliyatni zimmasiga olishni, odamlarni boshqarishni va turli madaniyat vakillari bilan muloqot qilishni o‘rganadi.

"Volontyorlik bo‘yicha qo‘llanma"ning so‘zboshisida ta’kidlanishicha, mamlakatimizda volontyorlik ko‘p yillardan buyon turli shakl va ko‘rinishlarda mavjud bo‘lgan bo‘lsa-da, so‘nggi yillarda bu harakat davlat tomonidan rasman tan olindi, qonuniy asosga ega bo‘ldi va sezilarli darajada rivojlandi. Bu jarayonda 2019-yil dekabrda qabul qilingan "Volontyorlik faoliyati to‘g‘risida"gi Qonun, 2020-yil 4-dekabrda Adliya vazirligi tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan "O‘zbekiston volontyorlari assotsiatsiyasi" hamda hududlarda volontyorlar maktablarining ochilishi muhim bosqichlar bo‘ldi.

Maqolaning maqsadi — volontyorlik yoshlarni tashkilotlarni boshqarish va xalqaro tadbirlar faoliyatiga qanday integratsiya qilishini huquqiy, psixologik va amaliy jihatlardan ochib berish. Maqolada quyidagi vazifalar qo‘yilgan: volontyorlikning mohiyati va huquqiy asoslarini yoritish; uning boshqaruv ko‘nikmalarini shakllantirishdagi rolini tahlil qilish; xalqaro tadbirlar va hamkorlikka integratsiya imkoniyatlarini ko‘rsatish; yoshlar o‘rtasida volontyorlikni targ‘ib qilish yo‘llarini taklif etish.

Volontyorlikning mohiyati va huquqiy asoslari

"Volontyorlik" so‘zi fransuzcha volontaire ("o‘z xohishiga ko‘ra ishlovchi", "ko‘ngilli") so‘zidan olingan. Qo‘llanmada u olamning, jamiyatning, insonlarning turli ko‘rinish, yo‘nalish va darajadagi muammolarini yechish, yashashi va rivojlanishi uchun qiyin bo‘lgan shart-sharoitlarni yaxshilash yo‘lida ularga beg‘araz yordam berishga qaratilgan faoliyat turi sifatida ta’riflanadi. Qonunning 3-moddasiga ko‘ra, volontyorlik faoliyati jismoniy va (yoki) yuridik shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab bepul asosda amalga oshiriladigan, erkin xohish-irodaga ko‘ra bajariladigan, ijtimoiy jihatdan yo‘naltirilgan, jamoat uchun foydali bo‘lgan ixtiyoriy faoliyatdir.

Qo‘llanmada volontyorlikning davlat idoralari faoliyatidan farqi alohida ta’kidlanadi: davlat idoralari o‘zlariga yuklatilgan vazifani vakolat doirasida, majburiyat sababli va ish haqi evaziga bajaradi, volontyor esa faoliyatini ixtiyoriy ravishda va moddiy foydani ko‘zlamagan holda amalga oshiradi.

Qonunning 5-moddasiga muvofiq volontyorlik faoliyati qonuniylik, insonparvarlik, tenglik, ixtiyoriylik va beg‘arazlik prinsiplariga asoslanadi. Bu prinsiplar yoshlar uchun faqat axloqiy yo‘riqnoma emas, balki kelajakda har qanday tashkilotni boshqarishda zarur bo‘ladigan kasbiy etika poydevoridir.

Qonunning 6-moddasida volontyorlik faoliyatining uch shakli belgilangan:

yakka tartibdagi volontyorlik faoliyati;

volontyorlar guruhi tarkibidagi faoliyat;

volontyorlik tashkiloti orqali amalga oshiriladigan faoliyat.

Bu shakllar yosh volontyorning bosqichma-bosqich o‘sishiga imkon beradi: u avval yakka tartibda sinab ko‘radi, so‘ng guruhga qo‘shiladi, keyinchalik esa tashkilot darajasida mas’uliyatli lavozim va vazifalarni egallaydi. Shuni ham qayd etish kerakki, Qonunning 3-moddasida volontyorlar guruhi o‘n nafargacha kishidan iborat ixtiyoriy guruh sifatida belgilangan.

Faoliyat yo‘nalishlari ham keng: ijtimoiy yordam, bemorlar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni parvarishlash, favqulodda vaziyatlarda yordam, atrof-muhitni muhofaza qilish va madaniy merosni asrash, shuningdek milliy hamda xalqaro ahamiyatga molik ommaviy sport, madaniy va boshqa jamoat tadbirlarini o‘tkazishga ko‘maklashish. Qo‘llanmada esa asosiy yo‘nalishlar sifatida ijtimoiy, tibbiy volontyorlik, donorlik, san’at va madaniyat, profilaktika, sport, tadbirlarda volontyorlik, media, korporativ, inklyuziv volontyorlik va ekologiya sanab o‘tilgan. Ko‘rinib turibdiki, qonunchilikning o‘zi volontyorlarning xalqaro tadbirlar faoliyatida ishtirok etish imkoniyatini bevosita mustahkamlagan.

Volontyorlik faoliyati bilan shug‘ullanish yoshi ham qonunda aniq belgilangan (12-modda): o‘n sakkiz yoshga to‘lgan shaxslar bemalol faoliyat yuritishi mumkin; o‘n olti yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lganlar esa bu faoliyat ularning sog‘lig‘iga, axloqiy rivojlanishiga zarar yetkazmasa va o‘quv jarayonini buzmasa, ishtirok etishi mumkin. Favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etish ishlariga esa faqat o‘n sakkiz yoshdan katta volontyorlar jalb qilinadi. Bu norma yoshlarning xavfsizligini ta’minlash bilan birga, ularning o‘qish va faoliyatni uyg‘unlashtirishiga imkon beradi.

Volontyorlik — tashkilot boshqaruviga integratsiyalashuv maktabi

Boshqaruv tizimining huquqiy tuzilmasi

Volontyorlik qonunchilikda aniq boshqaruv tuzilmasiga ega faoliyat sifatida shakllantirilgan. Bu tuzilmada yosh inson turli rollarni o‘zlashtirib boradi:

Volontyor — faoliyatni amalga oshiruvchi jismoniy shaxs;

Volontyorlarni muvofiqlashtiruvchi — volontyorlarga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadi, ular o‘rtasida ishni taqsimlaydi, har bir volontyorning ish joyi va hajmini belgilaydi hamda bajarilishini nazorat qiladi (Qonunning 13-moddasi). Volontyorlar guruhida muvofiqlashtiruvchi guruh a’zolari tomonidan ular orasidan saylanishi ham mumkin;

Volontyorlik tashkiloti — qonunchilikka muvofiq tashkil etilgan nodavlat notijorat tashkiloti bo‘lib, volontyorlik dasturlarini ishlab chiqadi va amalga oshiradi, volontyorlarni muvofiqlashtiruvchini tayinlaydi, o‘qitish, seminarlar va ishchi uchrashuvlar o‘tkazadi, eng faol volontyorlarni rag‘batlantirish uchun nomzodlarni taqdim etadi (14-modda);

Volontyorlik faoliyatining tashkilotchisi — davlat organlari, mahalliy hokimiyat organlari, boshqa tashkilotlar yoki volontyorlarni jalb qiluvchi jismoniy shaxslar (15-modda).

Demak, volontyorlik yosh insonga tashkilot ichidagi ierarxiyani, vazifalarning taqsimlanishini va mas’uliyat zanjirini amalda o‘rganish imkonini beradi. Muvofiqlashtiruvchilikka ko‘tarilgan yosh volontyor aslida kichik jamoani boshqaruvchi rahbar vazifasini bajaradi.

Boshqaruv madaniyati va rahbarlik sifatlari

Qo‘llanmaning "Volontyorlar guruhlarini boshqarish" bo‘limida volontyorlar ishchi-xodim emas, balki guruhning teng huquqli a’zolari ekani, mentor yoki koordinator esa ularni ezgu ish sari yetaklovchi ekani ta’kidlanadi. Bunda rasmiylikdan ko‘ra faol jamoatchilik yaxshi samara beradi. Ushbu yondashuv zamonaviy boshqaruv nazariyasidagi demokratik va hamkorlikka asoslangan rahbarlik uslubiga to‘g‘ri keladi.

Qo‘llanmada koordinatorda shakllanishi lozim bo‘lgan sifatlar sifatida boshqaruv madaniyati, o‘z maqsadlariga erisha olish, jamoa ishonchini qozona olish, boshqalarda ishtiyoq uyg‘ota olish, favqulodda holatlarda tezkor qaror qabul qila bilish, asos va dalillarga tayanib ish yuritish, mavjud imkoniyatlardan to‘la foydalanish, qat’iyatlilik, tashabbuskorlik, adolatlilik, tashkilotchilik, notiqlik va jamoada ijobiy psixologik muhitni yarata olish ko‘rsatilgan. Shu bilan birga, ishonchni suiiste’mol qilish, mansabparastlik, yakkalanish, muammoni yashirish, ilmsizlik va o‘z ishidan qoniqish hissiga berilib rivojlanishdan to‘xtash kabi illatlardan tiyilish zarurligi qayd etilgan. Bu talablar har qanday zamonaviy tashkilot rahbariga qo‘yiladigan standartlarning o‘zginasidir.

Hujjat yuritish va mas’uliyat: rasmiy boshqaruv ko‘nikmalari

Volontyorlik rasmiyatchilikdan xoli sof jamoat ishi bo‘lsa-da, ayrim masalalarda hujjat yuritishni talab etadi. Qonunning 16–17-moddalariga ko‘ra, volontyorlik volontyor va volontyorlik faoliyati tashkilotchisi o‘rtasida yozma shartnoma asosida amalga oshirilishi mumkin, tashkilotchi volontyorlik bilan oyiga 20 soatdan ko‘proq band bo‘lgan volontyor bilan shartnoma tuzishi shart. Shartnomada faoliyat tavsifi, davri, ish soatlari va kunlari, taraflarning huquq va majburiyatlari, berilishi mumkin bo‘lgan imtiyozlar, kasbiy talablar, javobgarlik va shartnomani bekor qilish shartlari aks etadi. Shartnoma ikki nusxada rasmiylashtiriladi.

Bu jarayon yosh volontyorda shartnoma bilan ishlash, mas’uliyatni hujjatda belgilash, huquq va majburiyatlarni bilish kabi huquqiy savodxonlikni shakllantiradi. Shuningdek, volontyor huquqlari — faoliyat turini erkin tanlash, uni istalgan vaqtda tugatish, ishonchli axborot olish, maxsus kiyim-bosh, yo‘l haqi va ovqatlanish xarajatlarining qoplanishi, tavsiyanoma olish va sug‘urtalanish — yoshni o‘z huquqlarini himoya qila oladigan fuqaro sifatida tarbiyalaydi. Qo‘llanma "Volontyorlikka kirish: 10 qadam" bo‘limida ham tashkiliy yoki moliyaviy vajlar sabab javobgar bo‘lib qolishdan ehtiyot bo‘lish maqsadida muhim masalalar bo‘yicha hujjat yuritish va hisobot olib borishni yo‘lga qo‘yishni tavsiya etadi.

"10 qadam" algoritmi — boshqaruv sikli sifatida

Qo‘llanmadagi "Volontyorlikka kirish: 10 qadam" algoritmini boshqaruv sikli sifatida tahlil qilish mumkin: maqsad qo‘yish (1-qadam), nazariy bilim va qonunchilikni o‘rganish (2-qadam), yo‘nalish tanlash (3-qadam), rejalashtirish (4-qadam), jamoa shakllantirish yoki mavjud jamoaga qo‘shilish (5-qadam), mas’ul davlat idoralari va tashkilotlar bilan hamkorlik qilish (6-qadam), hujjat yuritish va hisobot (7-qadam), jozibali tadbirlar o‘tkazish (8-qadam), bajarilgan ishlarni muhokama va monitoring qilish (9-qadam), ommaviy axborot vositalari orqali yoritish (10-qadam). Bu — rejalashtirish, tashkil etish, hamkorlik, nazorat va tahlil bosqichlaridan iborat to‘liq menejment tsiklidir. Shunday qilib, volontyorlik yoshning loyiha boshqaruvi ko‘nikmalarini amalda o‘rganishi uchun qulay maydon bo‘lib xizmat qiladi.

Xalqaro tadbirlar va hamkorlik faoliyatiga integratsiya

Volontyorlikning xalqaro tajribasi

Volontyorlik harakati global hodisa sifatida shakllangan. Qo‘llanmada keltirilishicha, XX asrda G‘arbda, ya’ni AQSH va Yevropada volontyorlik keng rivoj topdi; 1990-yilda Xalqaro volontyorlar assotsiatsiyasining XI Kongressida "Butun dunyo volontyorlar deklaratsiyasi" qabul qilindi; 1996-yilda Yevropa Ittifoqi tomonidan "Yevropa volontyorlik xizmati" (EVS) tashkil etildi; 2001-yil BMT tomonidan "Xalqaro volontyorlar yili", 2011-yil esa Yevropa Ittifoqi tomonidan "Yevropada volontyorlar yili" deb e’lon qilindi. Har yili 5-dekabr Xalqaro volontyorlar kuni sifatida dunyo miqyosida keng nishonlanadi.

Ma’lumotlarga qaraganda, Yevropada yoshlarning 46 foizi volontyorlik bilan shug‘ullanadi, faoliyat yuritayotgan jamoat tashkilotlari xodimlarining 50 foizi volontyorlar hisoblanadi. Bu raqamlar volontyorlikning xalqaro miqyosda fuqarolik faolligining asosiy manbai sifatida qaralishini, ko‘ngillilar mehnati G‘arbda odatiy holga aylanganini ko‘rsatadi. Bu tajriba O‘zbekiston yoshlari uchun xalqaro maydonga chiqishda tayanch bo‘lib xizmat qiladi.

O‘zbekistonda xalqaro integratsiya uchun huquqiy zamin

O‘zbekiston qonunchiligi volontyorlarni xalqaro faoliyatga integratsiyalashuvi uchun to‘siq emas, aksincha, zamin yaratadi:

Qonunning 6-moddasi volontyorlik yo‘nalishlari qatorida milliy hamda xalqaro ahamiyatga molik ommaviy sport, madaniy va boshqa jamoat tadbirlarini o‘tkazishga ko‘maklashishni bevosita nazarda tutadi;

2-moddaga ko‘ra, agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida volontyorlik faoliyati to‘g‘risida milliy qonunchilikdagidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi;

9-moddaga muvofiq, Vazirlar Mahkamasi volontyorlik sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga va tajriba almashishga ko‘maklashadi;

qo‘llanmada ta’kidlanganidek, davlat volontyorlik sohasida nufuzli xalqaro reytinglarni zabt etishni maqsad qilgan.

Bundan tashqari, Qonunning 18-moddasi volontyorlik sohasidagi xizmatlarni e’tirof etish uchun turli festivallar o‘tkazish va mukofotlashni nazarda tutadi, 14-modda esa volontyorlik tashkilotiga eng ko‘p o‘zini ko‘rsatgan volontyorlarni mukofotlash uchun nomzodlar taqdim etish huquqini beradi. Bu faol yoshlarning respublika va xalqaro miqyosda ko‘zga tashlanishiga imkon yaratadi.

Tadbirlarda volontyorlikning amaliy ahamiyati

Xalqaro tadbirlar — forumlar, festivallar, sport musobaqalari va madaniy tadbirlar — katta tashkiliy jamoani talab qiladi. Bunday tadbirlarda volontyor ishtirokchilarga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish, axborot va tarjima ko‘makchisi bo‘lish, tadbir joyini tashkil etish, media yoritish kabi vazifalarni bajaradi. Bu faoliyat yoshga:

chet ellik mehmonlar va turli madaniyat vakillari bilan muloqot qilish madaniyatini;

katta tadbir jarayonida vaqt va resurslarni boshqarishni;

murakkab sharoitda tezkor qaror qabul qilishni;

tashkilotlar orasidagi hamkorlikni (davlat va nodavlat tashkilotlari, xalqaro tuzilmalar) o‘rganishni beradi.

Qonunning 12 va 15-moddalariga ko‘ra volontyorning huquqlari — xavfsiz shart-sharoit, maxsus kiyim-bosh, yo‘l haqi va ovqatlanish xarajatlarining qoplanishi — xalqaro tadbirlarda ham saqlanib qoladi. Bu faoliyatni hamma uchun ochiq va ixtiyoriy qiladi.

O‘zbekistonda volontyorlar pandemiya davrida "Xavfsiz yordam" aksiyasi, "Saxovat va ko‘mak" umumxalq harakati, "Sardoba sari saxovat karvoni" kabi aksiyalarda minglab yoshlar bilan faol ishtirok etgani, shuningdek "Biz birgamiz!" ijtimoiy loyihasi 2018-yildan beri nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgani qo‘llanmada qayd etilgan. Bunday amaliy tajriba yoshlarga xalqaro darajadagi tadbirlarga tayyor bo‘lish uchun mustahkam poydevor yaratadi.

Volontyorlikning psixologik va kasbiy shakllantiruvchi ta’siri

Motivlar va integratsiya

Qo‘llanmaning "Volontyorlik psixologiyasi" bo‘limida olimlar volontyorlikka undaydigan motivlarni sanaydi: kompensatsion, g‘oyaviy, foyda keltiruvchi, shaxsiy o‘sish va ijtimoiy aloqalarni kengaytirish motivlari. Muhimi, yoshlarda o‘zini sinab ko‘rish, ko‘proq aloqalar o‘rnatish, muloqot qilish va tajriba orttirish motivi ustunlik qiladi. Aynan shu motivlar yoshlarni tashkilot boshqaruvi va xalqaro tajribaga tortadigan ichki kuchdir.

Psixologik tayyorgarlik turlari

Qo‘llanmada volontyor faoliyatga kirishishdan oldin to‘rt turdagi psixologik tayyorgarlikni o‘tashi lozimligi ko‘rsatilgan:

kognitiv tayyorgarlik — jamiyatdagi muammolar va volontyorlik to‘g‘risida bilimni oshirish;

kommunikativ tayyorgarlik — muloqot qobiliyati va jamoaviy ishlash ko‘nikmasi;

shaxsiy tayyorgarlik — ijobiy fazilatlarni kashf etish, o‘zini qabul qilish, individual xulq-atvor uslubini topish;

tashkilotchilik va ijrochilik tayyorgarligi — mas’uliyatni anglash, qaror qabul qilish, o‘zini o‘zi boshqarish ko‘nikmalari.

Bu to‘rt tayyorgarlik aynan tashkilot rahbari va xalqaro tadbir ishtirokchisida zarur bo‘ladigan kompetensiyalarning o‘zi bo‘lib, ular volontyorlik jarayonida tabiiy tarzda shakllanadi.

Volontyor shaxsiy sifatlari va imiji

Qo‘llanmada volontyor uchun muhim sifatlar sifatida ijtimoiy faollik, kirishimlilik, kommunikativlik, altruizm, tolerantlik va sabrlilik, empatiya, vijdonlilik, mas’uliyat va imij keltirilgan. Ayniqsa, tolerantlik — boshqalarning turmush tarzi, odatlari, fikr-mulohazalari va e’tiqodlariga nisbatan toqatli bo‘lish — turli millat va madaniyat vakillari bilan ishlaydigan xalqaro tadbirlarda hal qiluvchi ahamiyatga ega. Imij esa tashqi ko‘rinish va kiyinish madaniyati, axloqi va o‘zini tutishi hamda faoliyati orqali namoyon bo‘ladi: volontyor tadbir auditoriyasiga mos kiyinishi, odob-axloq qoidalariga rioya etishi, hammaga teng xushmuomalada bo‘lishi, amalga oshirish imkoni bo‘lmagan va’dalarni bermasligi lozim. Xalqaro tadbirlarda volontyor ko‘p hollarda mamlakat va tashkilot obrazini o‘zida mujassam etadi, shu bois imij masalasi alohida mas’uliyatni talab qiladi.

Kasbiy imkoniyatlar

Qo‘llanmaning so‘zboshisida ta’kidlanishicha, volontyorlik tajribasiga ega xodimlarning yaxshi ish topish ehtimoli yuqori, ko‘pgina mamlakatlardagi ishxonalarda tanlov mavjud bo‘lsa, ular avvalo volontyorlik tajribasiga ega kishini tanlaydi. Sababi — bu jarayonda mutaxassislar hayotiy ko‘nikmalarni egallaydi, aloqaga kirishish, murosaga kelish, vaziyatni his qilish qobiliyatlari rivojlanadi. Ya’ni volontyorlik yoshning mehnat bozoriga va rahbarlik lavozimlariga integratsiyalashuvini bevosita osonlashtiradi.

Volontyorlar maktabi — tizimli integratsiya mexanizmi

Yoshlarni tizimli tarzda volontyorlikka tayyorlash va boshqaruvga jalb etishda Volontyorlar maktabi muhim o‘rin tutadi. Qo‘llanmaga ko‘ra, bu maktab Yoshlar ishlari agentligi va O‘zbekiston volontyorlar assotsiatsiyasi hamkorligida agentlikning hududiy boshqarmalari qoshida tashkil etiladi va barcha volontyorlar uchun teng ravishda ochiq. U yoshlarni komil inson g‘oyasi asosida fuqarolik tashabbuskorligi va liderlikka tayyorlovchi tizim hisoblanadi.

Maktabning maqsadlari: yoshlarda liderlik mahoratini oshirish, sog‘lom fikr va sog‘lom ongni shakllantirish, dunyoqarashini kengaytirish, huquqiy va madaniy ongni yuksaltirish, vatanparvarlik hissini rivojlantirish, shuningdek jamiyatdagi muammolarni o‘rganish, tahlil qilish va ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflar berish. Vazifalari esa volontyorlarni ilhomlantirish, maxsus o‘quv-seminarlar tashkil etish va jamiyat hamda yoshlar hayotidagi dolzarb loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishda yordam berishdan iborat.

Ta’lim mexanizmi ham o‘ylangan: maktab a’zolari mentorlar guruhi tomonidan tasdiqlangan 3 oylik dastur asosida volontyorlik ko‘nikmalari, ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy va boshqa yo‘nalishlarda o‘qitiladi. Mentorlar guruhi yosh olimlar, fan arboblari, siyosatchilar, ijtimoiy soha xodimlari va psixologlardan shakllantiriladi. Bu yoshlarga davlat va jamiyat boshqaruvidagi tajribali shaxslar bilan bevosita muloqot qilish imkonini beradi.

Maktabga o‘quvchilar (10–11-sinflar), akademik litsey va kasb-hunar maktablari o‘quvchilari, oliy ta’lim muassasalari talabalari hamda mahalla yoshlari (18–30 yosh) a’zo bo‘lishi mumkin; ro‘yxatdan o‘tish volontyor.uz onlayn platformasi yoki Yoshlar ishlari agentligining hududiy boshqarmalari orqali amalga oshiriladi. Loyihalar keksalarga ko‘maklashish, xayriya va saxovat ishlari, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, festival, tanlov va boshqa ommaviy tadbirlar yo‘nalishlarida amalga oshiriladi.

Rag‘batlantirish tizimi ham mavjud: 3 oylik kursni tamomlagan volontyorlardan imtihon olinadi, erishgan yutuqlari ko‘rib chiqiladi, imtihondan muvaffaqiyatli o‘tgan va loyihalarda faol ishtirok etgan yoshlarga Maktab koordinatori tavsiyasiga asosan ID-karta beriladi, unda erishilgan yutuqlar va amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar joylashtiriladi. Bunday ID-karta yoshning faolligini rasmiy tasdiqlovchi, uni tashkilotlar va xalqaro tadbirlar tashkilotchilari oldida tavsiflovchi hujjat vazifasini o‘tashi mumkin.

Shuningdek, qo‘llanmada qayd etilishicha, O‘zbekiston bo‘ylab 14 ta hududda volontyorlar maktablari ochilmoqda, har bir mintaqada moddiy-texnika bazasi bilan jihozlangan alohida ofis tashkil etiladi, universitetlar huzurida esa 30 ta shunday markazni yaratish ishlari davom etmoqda. Bu talabalar uchun bo‘sh vaqtda yig‘ilib, o‘z loyihalarini muhokama qilish imkonini beradi — ya’ni oliy ta’lim muassasalarida talabalarni boshqaruv va hamkorlik faoliyatiga jalb etishning amaliy maydoni yaratilmoqda.

Targ‘ibotning roli: volontyor — harakat yuzi

Qo‘llanmada "10 qadam" algoritmining so‘nggi bosqichi sifatida bajarilgan har bir ishni ommaviy axborot vositalari orqali yoritishga ahamiyat berish tavsiya etiladi: bu orqali volontyor nafaqat o‘z ishini yoritadi, balki odamlar orasida volontyorlik harakatining targ‘ibotini ham olib boradi, volontyorlar safi kengayishiga hissa qo‘shadi. Qonunning 20-moddasi ham volontyorlik faoliyatini ommaviy axborot vositalarida va Internet jahon axborot tarmog‘ida yoritish imkoniyatini mustahkamlaydi, 15-moddada esa tashkilotchi o‘z rasmiy veb-saytiga joylashtirish orqali ham axborot taqdim etishi nazarda tutilgan.

Targ‘ibot yoshlarni integratsiyalashuvida uch jihatdan muhim:

Ommaviylashtirish. Misolda ko‘rsatilgan volontyorlik natijalari tengdoshlarni harakatga jalb etadi. Qo‘llanmada ham "ukalarimiz, opa-singillarimiz va do‘stlarimizni ijtimoiy faollikka da’vat etaylik, harakatga jalb qilaylik, saflarimizni yanada kengaytiraylik" degan chaqiriq berilgan.

Imijni mustahkamlash. Qo‘llanmaga ko‘ra, tashkilot faoliyatida volontyorlarning ishtirok etishi tashkilotning imijini oshiradi, faoliyati yaxshi reklama bo‘ladi va muloqot doirasi hamda auditoriyasi kengayadi. Targ‘ibotchi volontyor bu orqali tashkilot va harakat obro‘siga hissa qo‘shadi.

Xalqaro ko‘rinish. Ijtimoiy tarmoqlar va OAV orqali yoritilgan tajriba xalqaro hamkorlar e’tiborini tortadi va tajriba almashinuvi yo‘lini ochadi.

Qo‘llanmada ta’kidlanganidek, volontyorlar ijtimoiy tarmoqlarda guruhlar tuzib, xayriya tadbirlari uyushtiradi va yordam ko‘rsatish bo‘yicha o‘zaro ma’lumot almashadi. Bu — raqamli targ‘ibotning amaliy ko‘rinishidir. Targ‘ibotchi volontyor axborotni aniq, ishonchli va odob doirasida yetkazishi, volontyorlik imijini ko‘tarishi lozim.

Muammolar va takliflar

Tahlil natijasida yoshlarni volontyorlik orqali boshqaruv va xalqaro faoliyatga integratsiya qilishni takomillashtirish bo‘yicha quyidagi takliflarni ilgari surish mumkin:

Universitetlarda volontyorlik markazlarini kuchaytirish. Universitetlar huzurida tashkil etilayotgan markazlarda talabalarni muvofiqlashtiruvchi, loyiha rahbari va tashkilot boshqaruvchisi rollariga bosqichma-bosqich tayyorlash dasturini joriy etish.

Xalqaro tajriba almashinuvini kengaytirish. Volontyorlar maktabi dasturiga xalqaro volontyorlik standartlari (Butun dunyo volontyorlar deklaratsiyasi, Yevropa volontyorlik xizmati tajribasi), xorijiy til va madaniyatlararo muloqot bo‘yicha modullarni kiritish.

Hujjatlashtirish va tan olish. Volontyorlik faoliyatini hisobga olish va ID-karta tizimi orqali yoshlarning tajribasini ish beruvchilar va oliy ta’lim muassasalari tomonidan rasmiy e’tirof etilishini kuchaytirish. Qonunning 8-moddasiga ko‘ra, hisobga olish ixtiyoriy xabardor qilish xususiyatiga ega ekanini inobatga olib, uni yoshlar uchun qulay raqamli platformaga aylantirish.

Mentorlik institutini rivojlantirish. Tajribali volontyor va rahbarlarni yosh volontyorlarning mentori sifatida biriktirish.

Targ‘ibot madaniyatini oshirish. Volontyorlar uchun media va ijtimoiy tarmoq savodxonligi, axborotni to‘g‘ri va odobli yoritish bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlarini tashkil etish.

Huquqiy savodxonlikni oshirish. Yoshlarning volontyorlik shartnomasi, huquq va majburiyatlari, sug‘urta va xarajatlarning qoplanishi to‘g‘risidagi bilimlarini mustahkamlash, shu orqali ularning himoyasini kuchaytirish.

Xulosa

Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, volontyorlik yoshlarni tashkilot boshqaruvi va xalqaro tadbirlar faoliyatiga integratsiya qilishda samarali va ko‘p qirrali mexanizmdir. Birinchidan, O‘zbekiston Respublikasining "Volontyorlik faoliyati to‘g‘risida"gi Qonuni volontyorlik faoliyatining shakllari, subyektlari, huquq va majburiyatlarini aniq belgilab, yoshlarga huquqiy himoya va boshqaruv tuzilmasi doirasida o‘sish imkonini yaratdi. Ikkinchidan, volontyor, muvofiqlashtiruvchi va volontyorlik tashkiloti rollari orqali yosh inson loyiha boshqaruvi, jamoani boshqarish, hujjat yuritish va mas’uliyat ko‘nikmalarini amalda o‘zlashtiradi. Uchinchidan, qonun va xalqaro hamkorlik normalari volontyorlarni milliy va xalqaro ahamiyatga molik tadbirlarga jalb etish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi; Volontyorlar maktabi esa bu jarayonni tizimli o‘qitish, mentorlik va rag‘batlantirish orqali mustahkamlaydi. To‘rtinchidan, psixologik tayyorgarlik, tolerantlik, kommunikativlik va imij kabi sifatlar yoshni madaniyatlararo muloqotga tayyorlaydi.

Targ‘ibotchi volontyor sifatida har bir yosh faoliyatini yoritish orqali nafaqat o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashadi, balki tengdoshlarini ham ezgu ishga chorlaydi. Chunki, qo‘llanmada ta’kidlanganidek, volontyorlik inson dunyoga ezgulik urug‘ini yoyish uchun kelgani haqidagi umuminsoniy qadriyatlarga asoslanadi va jamiyatda ijtimoiy kapitalni shakllantiradi. Yoshlarni volontyorlik orqali boshqaruv va xalqaro faoliyatga jalb etish — bugungi kunda kelajakda mamlakat taraqqiyotiga hissa qo‘shadigan yetuk, tashabbuskor va vatanparvar kadrlarni tarbiyalashning ishonchli yo‘lidir.

Foydalanilgan adabiyotlar

O‘zbekiston Respublikasining "Volontyorlik faoliyati to‘g‘risida"gi Qonuni, 2019-yil 2-dekabr, O‘RQ-585-son (2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonun tahririda).

Volontyorlik bo‘yicha qo‘llanma. Uslubiy qo‘llanma / mualliflar jamoasi. — Toshkent: Zarvaraq nashriyoti, 2021. — 56 b.

O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi, O‘zbekiston volontyorlari assotsiatsiyasi materiallari.

Maqola yoqdimi? Do'stlaringiz bilan ulashing.

Muallif

Mamatxanova Sevinç Anvar Qizi

Arxitektura talabasi · Interyer dizayni · Yosh volontyor · Ilmiy maqola muallifi · Xalqaro loyihalar ishtirokchisi

Hoziroq ariza qoldirish