Shahnoza Ziyodxonova Toshkent viloyati Parkent tumanida tug‘ilgan. Uning shaxs sifatida shakllanishi, ilm-fanga bo‘lgan qiziqishi va erishgan yutuqlarida ota-onasining o‘rni beqiyosdir. Ayniqsa, ota-onasi tomonidan uning sifatli ta’lim olishi, bilim va salohiyatini rivojlantirishi uchun yaratib berilgan imkoniyatlar Shahnozaning kelajak sari dadil qadam tashlashida mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilgan. U 19-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabini oltin medal bilan tamomlagan. Maktab davridayoq nafaqat a’lo baholari, balki ijtimoiy faolligi, tashabbuskorligi va yetakchilik qobiliyati bilan ham ajralib turgan. Turli fan olimpiadalarida munosib o‘rinlarni egallagan hamda Yoshlar ittifoqi sardori sifatida maktab jamoat hayotida faol ishtirok etgan. Shahnoza bolalikdan barcha fan va sohalarga katta qiziqish bildirib, bo‘sh vaqtining asosiy qismini yangi bilimlarni egallashga, dunyoqarashini kengaytirishga va o‘z ustida ishlashga bag‘ishlagan. Ayniqsa, ingliz tiliga bo‘lgan qiziqishi uning xorijiy tillarni o‘rganishga intilishini kuchaytirib, fikrlash doirasini kengaytirish va o‘z fikrlarini erkin ifoda etish imkoniyatlarini yaratgan. Ilmga chanqoqlik, izlanishdan to‘xtamaslik va ota-onasining doimiy qo‘llab-quvvatlashi uning shaxsiy kamoloti hamda kelajakdagi maqsadlariga erishish yo‘lidagi muhim tayanchiga aylangan.